«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta «Borussiya» Dortmundga qarshi nazorat uchrashuvidagi 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoadagi jarohatlar haqida ma’lumot berdi.
Ispaniyalik murabbiy himoyachilar Uilyam Saliba va Yurriyen Timberning uzoq muddatga safdan chiqqanini tasdiqladi.
«Afsuski, biz bunday holatni avval ham boshdan kechirganmiz», — dedi Arteta jamoaning himoya chizig‘idagi muammolar haqida.
Saliba Jahon chempionati vaqtida jiddiy jarohat olgan bo‘lsa, Timber musobaqadan oldin safdan chiqqan. Arteta fransuz himoyachisining yo‘qligi jamoa uchun katta yo‘qotish ekanini ta’kidladi.
«Biz ajoyib futbolchidan ayrilganimizni bilamiz. Yurriyen bilan ham xuddi shunday», — dedi «Arsenal» bosh murabbiyi.
Arteta futbolchilarning tiklanish muddati haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Timberning tiklanishi yaxshi ketmoqda, ammo himoyachi yana bir necha hafta maydonga tusha olmaydi.
«Yurriyen yaxshi tiklanyapti, ammo unga yana bir necha hafta kerak. Uilyam esa hozir dam olish rejimida. Uning qachon qaytishi hozircha ma’lum emas», — dedi murabbiy.













