| Baho: |
+0; -0
|
Bezbek Xumkallayev yangi fermer xo‘jaligiga boshliq etib tayinlandi. Bekorga emas, albatta. Bungacha qanchadan-qancha qo‘llar siqildi, qanchadan-qancha etaklar o‘pildi. Ishqilib, hozir Bezbekning oshig‘i olchi. Katta fermer xo‘jaligi unga qaraydi. Kelganidan beri bilganiyam, qoyillatganiyam majlis. Kallasiga biror-bir fikr tug‘ilib qolsa, tamom, majlis uyushtiradi. Majlis tugagach esa yordamchisiga tayinlaydi, “Ish planining asosiy qismiga yozib qo‘ying, navbatdan tashqari majlisda fermer xo‘jaligini rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi, deng”.
U kelgach, hisob daftarlari ko‘paygandan-ko‘paydi. Fermer xo‘jaligini buyuk kelajak haqidagi orzular qamrab oldi. Bunda, albatta, Bezbekning yordamchisi Surbet Gaptegmasovning xizmati katta bo‘ldi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi, ammo taraqqiyot qog‘ozda qolib ketdi. Katta-katta bo‘lib pishgan kartoshkalar esa dori sababli yetishtirilganligi uchun odamlarni zaharlay boshladi. Majburan yetishtirilgan mahsulotlar boshqa nimaga ham yarardi? Bu oxir-oqibat noroziliklarni keltirib chiqardi. Orada Bezbek Xumkallayev bir erkalik ham qildi, ishdan ketishi haqida xabar qildi, ammo yana ishini davom ettiraverdi. Yordamchilari esa buni quyidagicha izohlashdi: “Bezbek Xumkallayev faoliyatini tugatish haqida qaror qildi, odamlar esa undan qolishini iltimos qilishdi, u esa odamlarni o‘ylab, lavozimida qoldi”. U shu qadar ustasi farang edi-ki, uquvsizligini otashin nutqlari bilan yopib ketardi.
— Biz oxirgi paytlarda tarqalayotgan kasalliklarga qarshi kurashish yo‘lini topdik, — dedi u bir safargi nutqida. — Bundan buyon mahsulotlarni dorilagan, uni zo‘rma-zo‘raki yetishtirganlar qattiq jazoga tortiladi.
Hamma uni olqishladi. Bezbek Xumkallayev idorasiga qaytgach, yordamchisi uni kulib qarshi oldi:
— Bopladingiz lekin, xo‘jayin. Rosa ishonarli chiqdi. Vey, rosa jiddiy turdingiz lekin.
— Meni bilasan-ku!
— Aytganday, janob Xumkallayev, bu yil ko‘proq mahsulot yetishtirmokchi edik, nima maslahat berasiz?!
— Dorilash kerak, dorilash…
| Asosiy saxifa |
|
© STADION.UZ Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart. Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o'zi javobgar. |
|