Kirish Ro'yxatdan o'tish

Blog

«InterFutbol» gazetasi

InterFutbol gazetasi blogi

MUALLIFNING BOSHQA MAQOLALARI

 

BLOGGERLAR

Anglamagan, esankiraganlarga «qizil kartochka»

Baho:
+0; -0

Taniqli shoir, futbolning ashaddiy muxlisi Usmon Azim bir vaqtlar barchaga teng nur sochmagani uchun quyoshga «vigovor» e’lon qilgandi.

Shoir o‘sha she’riy bayonoti orqali aslida jamiyatdagi adolatsizliklarga qarshi isyonini ifodalagan, albatta. Holbuki, mintaqalar nuqtai nazaridan quyosh barchaga teng nur socholmasligi, bunga tabiiy imkon yo‘qligi barchaga, jumladan, shoirga ham ma’lum.

U kundek ravshan ma’lumotga boshqacha nigoh tashlayaptimi, demak, kosa tagida nimkosa bor...

Bir qator muxlislar O‘FFning Vadim Abramovga nisbatan chiqargan qaroriga munosabatimizni so‘rashganida, yuqoridagi mulohazalar ongu shuurimizda charx urdi. Shimoliy qutb ahli onda-sonda yuz ko‘rsatgani uchun quyoshdan o‘pkalashga haqlimi?

Yoki Afrika jazirama «siylov» uchun quyoshdan ranjisa, nima o‘zgaradi?! Hech narsa! Quyosh mangu ishida davom etadi, ya’ni Shimoliy qutbni mo‘l-ko‘l nurdan benasib aylab, yana va yana Afrika boshiga bemisl haroratini to‘kaveradi. Go‘yo adolatsizlikdek tuyuladigan bu tabiiy jarayon abadiy haqiqatdir.

Afrikaliklar qanchalar dod-voy solishmasin, quyosh Shimoliy qutbga ko‘proq nur sochmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l - shu bukilmas haqiqat qoshida bosh egish. Ishonchimiz komil, bu kabi e’tirozdan xoli haqiqatlarni Vadim Abramov ham yaxshi biladi.

Shunday ekan, qaror qabul qilinganidan so‘ng unga nisbatan norozilik bildirish, yumshoq aytganda, nomaqbul ishdir. «Ketingga tushsa, kekchayma!» deydi dono xalqimiz. Bu - «Gaping o‘tmadimi, so‘zing kesmadimi, jim tur, odob saqla, damingni chiqarma, chida!» degani.

Balki bu purma’no naql Vadim Karlenovichga noma’lumdir. Mayli, hechqisi yo‘q, asta-sekin o‘rganadi, ko‘nikadi. O‘rganmasa, ko‘nikmasa, tabiiyki, nomuayyan chetlatishning muddati cho‘zilaveradi. Tushunib turibmiz, mutaxassisning «Neftchi» muxlislari oldida yuzi shuvut.

U o‘zicha birinchi liganing ikkinchi jamoasini «pley-off»da yengish xayolida kelgusi mavsum rejalarini pishitayotgan pallada futbolimiz osmonida chaqmoq chaqnadi, go‘yo. O‘FFning oliy, ya’ni Superligada 12ta jamoa ishtirok etishi haqidagi qarori Vadim Abramovga yoqmadi, albatta

. Chunki u «Neftchi»ni oliy (super) ligada saqlab qololmagan murabbiy sifatida Farg‘ona futboli tarixiga kirdi. Hazm qilish alamli va qiyin achchiq tarix...

DAVOMI

Kiritilgan sana: 19.12.2017 19:18. O'kildi: 6704 marta.
Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o'zi javobgar.